Bilol ibn Raboh (roziyallohu anhu)

583

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: ‘’Mendan keyin xulafoi roshidiynlarni mahdiynlarni sunnatini ushlangizlar, ogiz tishlaringiz  bilan mahkam osilingizlar, mana shular to`g`ri yo`lda.’’

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu aytadi: ‘’Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bu ummat ichida yashab o`tgan mo`minlarning eng afzallari, qalblarni eng pokizasi, ilmi nihoyatda chuqur bo`lgan va takkalufsiz, kamtar Alloh subhana va taoloning haqiqiy qullari bandalari bo`lgan.’’

Bilol ibn Raboh (roziyallohu anhu):To`liq ismi Abu Abdulloh Bilol ibn Raboh Al-Habashiy Makkaga yaqin joyda tavallud topgan, tug`ilishidan qul bo`lgan edi. U kishi islom tarixidagi birinchi muazzin hisoblanadi. Baland, shirali, ta`sirli ovozga ega bo`lgan. Asli habashistonlik edi.Hazrati Bilol (r.a.) Abu Bakr Siddiq (r.a.)dan keyin ikkinchi bo`lib, Makka qullari orasida esa birinchi bo`lib iymon keltirdi. Ozod etilganidan so`ng butun hayotini Islom diniga bag`ishladi. Va hijriy 622-yilda Payg`ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bilan Madinaga hijrat qilgan. Madinada ommaviy azon aytish joriy etilganda u birinchi bo`lib baland ovozi bilan muslmonlarni namozga chorlagan va bir necha yil davomida Muhammad (s.a.v)ga muazzinlik qilgan. Barcha g`azotlarda Rasululloh (s.a.v.) bilan yonma-yon bo`ldi, u zotni himoya qildi. Payg`ambarimiz bu kishiga qattiq ishonganlaridan musulmonlar hazinasiga (Baytulmol) omborchi qilib tayinlaganlar. Hijratning birinchi yillarida Payg`ambar (alayhissalom) namozxonlarni bir joyga jamlash uchun ilk azon vafotlariga qadar bu vazifani ixlos bilan bajardi. Nabiy alayhissalom vafotlaridan keyin Hazrati Bilol Shomga ketib qoldi va umri oxirigacha faqirona hayot kechirdi. Payg`ambarimiz tomonlaridan jannat mujdasi bilan sharaflangan zotlardan. Hazrati Umar (r.a.) davrlarida, hijriy 20 (milodiy 642) yili Shomda vafot etdi, qabri Damashq shahrida.

Hazrati Umar (r.a.) ning bir ajoyib gapi bor: ‘’ Abu Bakr sayyidimiz va sayyidimizni ozod qilgan kishidir’’. Abu Bakr (r.a.) day sayyid (aziz) inson ozod qilgan sayyid esa Bilol Habashiy (r.a.) edi. Qop-qora, bo`ydor va ozg`in, quyuq sochli va tuksiz yuzli bu kishi o`ziga bildirilgan maqtovlardan hijolat bo`lib: ‘’Asli men habashiyman, kechagina qul edim, Islom meni xurlikka olib chiqdi’’ der edi. Ana shu zanji qul kuchli iymoni, Alloh va uning diniga buyuk muhabbati, Payg`bariga yuksak sadoqati bilan Islom tarixidan abadiy joy oldi. Hozir ham musulmon o`lkalarida yoshgina bolakayni to`xtatib: ‘’Bilol (r.a.) kim edi, Ey bolam? ’’deyishingiz bilan u burro tilda: ‘’Bilol (r.a.) Rasululloh (s.a.v.)ning muazzinlaridir, Allohga iymonni kuchli inson edi’’, deb javob beradi.U bir hovuch xurmo evaziga xo`jayinning tuyalarini boqardi. Agar Islom kelmaganida u bir umrga qul holida birovlar xizmatini qilib, xo`rlikda, xorlikda, zorlikdan benomu nishon o`lib ketgan bo`lardi. Ammo Alloh taolo unga boshqacha taqdir bitgan edi. Umayya ibn Halaf ota-bobolari dinidan chiqib, yangi dinga kirgan qulini ayovsiz kaltaklar, ustiga qizigan og`ir toshlarni bostirib  qo`yar edi. Uni bu yo`ldan qaytarish uchun alam va g`azab bilan unga qayta-qayta tashlanadi. Qul esa kaltaklarga parvo qilmas, qiynoqlarga chidar, og`zidan ‘’Alloh Ahad, Ahad….Ahad’’degan so`z tushmas edi. Uni bir necha kun qiynashdi, jazirama oftob tig`ida ushlashdi, aldab ko`rishdi, quyuq va`dalar berishdi. Ammo xo`jayin va uning haybarakallachilari g`azabini jumbushga keltirib qora qulning tilidan ‘’Ahad…..Ahad…’’ tushmasdi. Ana shu azobli kunlarda qulni Quraysh ulug`laridan Abu Bakr Siddiq (r.a.) ko`rib qoldi. Uning ahvolini ko`rib, Umayyaga ‘’Robbim Alloh’’ degan kishini o`ldirasizlarmi?! Undan ko`ra narxidan oshig`iga sot-da, uni ozod qil!’’ deb qichqirdi. Bu gap cho`kayotgan odamga najot qayig`i uchraganday bo`ldi. Chunki qulini hech bo`ysundira olmay, mutakabbir xoja undan umidini uzgan, nihoyatda qiynalib ketgan edi. Buning ustiga savdogar Umayyaga qulni o`ldirishdan ko`ra yaxshi pulga sotish foydaliroq edi. Qulni Abu Bakr (r.a.) ga sotishdi, u esa Bilolni shu zahoti ozod qildi. Abu Bakr Siddiq (r.a.) Bilolni qo`ltig`idan olib, hurlik sari yetaklab ketayotganda Umayya unga ‘’Ol uni, Lot va Uzzoga qasam, agar uni bir dirhamga olaman deganingda ham sotib yuborgan bo`lardim’’, dedi. Alamzada xojaning kinoyasiga Abu Bakr (r.a.) munosib javob qildi: ’’Agar uni yuz dirhamga sotganingda ham to`lardim!’’.

Rasululloh (s.a.v.) va u zotga ergashgan musulmonlar Yasribga hijrat qilib, u yerda o`rnashganlaridan keyin Payg`ambar alayhissalom besh vaqt namoz uchun azonni mashru` (joriy) qildilar. Har kuni besh mahal kim namozga azon aytadi? Ufq uzra kimning takbir va tahlillari yangraydi? Ana shu baxtga Bilol loyiq ko`rildi. O`n uch yil oldin ‘’Allohu Ahad…’’ degani uchun tahdid va azob-qiynoqlarga uchragan Hazrati Bilol endi sevimli Parvardigori hamda, Uning Elchisi nomini havotirsiz qayta-qayta takrorlay oladi: ‘’Allohu akbar…. Ashhadu anla ilaha illalloh….. Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh…’’

Bu orada Islom sha`ni yuksaldi, boshqa o`lkalarda yoyildi, musulmonlarning ham mavqe-martabasi ortdi. O`tayotgan har bir kun Bilolning Rasululloh (s.a.v.) qalblariga yaqinligini shu qadar ziyoda qildiki, u zot Bilolni ‘’jannat ahlidan bo`lgan kishi’’ deb tavsifladilar. Lekin u oldingidan kamtar, sertavoze` holida, har gapida o`zini ‘’kechagina qul bo`lgan kishi’’ deb eslatishdan charchamasdi.

Bilol (r.a.) kabi barcha musulmonlarni mahzun qilib Payg`ambar alayhissalom Rafiqul-A`loga rihlat qildilar. Keyin musulmonlar ishiga Abu Bakr (r.a.) bosh bo`ldi Nabiy alayhissalom vafotlaridan keyin Hazrati Bilol Shomga ketib qoldi va umri oxirigacha faqirona hayot kechirdi. Bilol ibn Raboh (r.a.) so`ngi marta Hazrati Umar Shomni ziyorat qilgan kunlari azon aytdi. Musulmonlar Bilolni bir martagina namozlariga azon aytib berishga ko`ndirish uchun mo`minlar amirini vosita qilishdi. Hazrati Umar (r.a.) Bilol mezanaga ko`tarildi va azon aytdi… U azon chaqirar ekan, Rasululloh (s.a.v.) ni ko`rgan sahobalar o`zlarini tutolmay yig`lab yuborishdi. Yig`laganda ham oldin hech qachon ko`rilmaganiday qattiq ko`z yoshi to`kishdi. Eng qattiq yig`lagan Hazrati Umar bo`ldi…

Alloh subhanahu ba taalo siz bilan bu sahobalarni hayotidan ibrat olishga nasib qilsin, va Firdavs Jannatida Rasululloh (s.a.v.) suhbatida shu Sahobalarni yonida o`tirishni hammammizga nasib qilgan bo`lsin…

 

 

‘’Ko`kaldosh’’ o`rta maxsus islom bilim yurti

4-kurs talabasi Qo`ziboyev Yahyobek